O‘zbekiston va Xitoy asalarichilari o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 2 iyul kuni “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi taklifiga binoan, Xitoyning Shandong provinsiyasi Asalarichilik qo‘mitasi raisi Joy Chong Si boshchiligidagi delegatsiya uyushmaga tashrif buyurdi.
Uchrashuv doirasida xitoylik ishbilarmonlar bilan mamlakatimiz hududida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi:
Asalari zahri, ona ari suti, gulchangi, propolis va mum parda kabi mahsulotlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish;
Asalani qadoqlash va eksportbop holatda tayyorlash;
Sopol va yog‘och materiallardan asalarichilik mahsulotlari uchun ixcham, ekologik idishlar tayyorlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish.
Shuningdek, tomonlar asalarichilik mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashishdi.
Muzokaralar samarali ruhda o‘tdi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.