Valyuta kurslari 22/05/2025
$1 – 12937.93
UZS – 0,35%
€1 – 14665.14
UZS – 1,05%
₽1 – 161.10
UZS – 0,47%
Qidirish
Iqtisod 20/05/2025 O‘zbekiston va xalqaro banklar iqtisodiy islohotlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi

O‘zbekiston va xalqaro banklar iqtisodiy islohotlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-may kuni Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon banki hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Delegatsiyalarga Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova va OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya boshchilik qildi.

Uchrashuvda xorijiy tomondan Jahon bankining operatsion masalalar, sog‘liqni saqlash, davlat moliyasi va shahar rivojlanishi bo‘yicha yetakchi mutaxassislari, shuningdek, OTBning infratuzilma, davlat boshqaruvi va barqaror rivojlanish bo‘yicha malakali ekspertlari qatnashdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosarlari Axadbek Xaydarov, Ilhomjon Umrzakov, Otabek Fazilkarimov va Samandar Sadullayev, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda vazirlikning boshqa vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv O‘zbekistondagi keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro moliya institutlari bilan muloqot doirasida o‘tkazildi.

Unda tomonlar islohotlar dasturini amalga oshirish uchun yangi moliyaviy instrumentlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. 

Jahon bankining samarali moliyalashtirishga zamonaviy yondashuvlarni, xususan, milliy boshqaruv tizimlariga asoslangan holda aniq, o‘lchanadigan natijalarga erishilgandan so‘ng moliyalashtiriladigan vositasi – “Natijaga asoslangan kreditlash dasturi” (“Program-for-Results”, PforR) mexanizmini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv doirasida Jahon banki mutaxassisi Min Jao “Natijaga asoslangan kreditlash dasturi”ni qo‘llash bo‘yicha Xitoy tajribasini taqdim etdi. Bu mexanizm milliy dasturlarni amalga oshirishga samarali tarzda joriy qilingan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling