O‘zbekiston va Wanda Information kompaniyasi raqamli transformatsiya va aqlli shaharlardagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyga tashrifi doirasida “Wanda Information Co., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida kompaniya tomonidan amalga oshirilgan loyihalar – raqamli transformatsiya, aqlli shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida ilg‘or yechimlarni joriy etish, shuningdek, sog‘liqni boshqarish tizimlarini takomillashtirish borasidagi tajribasi taqdim etildi.
Wanda Information Co., Ltd. kompaniyasi sog‘liqni saqlash, aqlli boshqaruv, bozor nazorati, ijtimoiy ta’minot, shahar xavfsizligi, ta’lim, AKT innovatsiyalari hamda aqlli shahar platformalarini yaratish va boshqarish kabi sohalarda faoliyat yuritadi. Shuningdek, kompaniya 70 dan ortiq milliy va sohaviy standartlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Tomonlar o‘rtasida raqamli transformatsiya, intellektual infratuzilmalarni yaratish va sog‘liqni saqlash sohasida axborot tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.