O‘zbekiston va Walvax birgalikda vaksina ishlab chiqarishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Xitoyning "Walvax Biotechnology Co., Ltd." kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"Walvax Biotechnology Co., Ltd." 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yuqori sifatli vaksinalarni yaratish, rivojlantirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi biofarmatsevtika kompaniyadir. “Walvax” tomonidan PCV13, HPV2 va meningokokk vaksinalari kabi 9 ta litsenziyalangan vaksina ishlab chiqilgan, va 4 ta ishlab chiqarish markazi orqali yiliga taxminan 390 million doza vaksina tayyorlash quvvatiga ega. Kompaniya mahsulotlari Xitoyning 31 ta viloyatiga tarqatilgan va 18 ta davlatga eksport qilinadi.
“Walvax” O‘zbekiston bilan hamkorlikda vaksinalarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif etmoqda. Kompaniyaning texnologiyalarni transfer qilishdagi tajribasi mahalliy vaksinalarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish va uzluksiz taʼminotni taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning Milliy emlash dasturi (NIP) uchun vaksinalarni yetkazib berish, shuningdek, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari uchun vaksinalar bilan qamrov hududini kengaytirish imkonini beradi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov O‘zbekistonning “Walvax” kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar maʼlumot almashish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.