Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
O‘zbekiston 18/02/2025 O‘zbekiston va Turkiya: shaharsozlik borasida tajriba almashinuvi

O‘zbekiston va Turkiya: shaharsozlik borasida tajriba almashinuvi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hokimlar malakasini oshirish dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning mahalliy hokimiyat va biznes vakillari bilan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar shahar rejalashtirish va sanoat rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishga qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga "Yuksalish" harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov rahbarlik qildi.

Tashrif davomida Gebze shahri meri Zinnur Buyukgo‘z bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda zamonaviy shaharsozlik va urbanizatsiya jarayonlarining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Kun tartibida shahar boshqaruvida raqamlashtirish, "aqlli shaharlar" konsepsiyasini rivojlantirish hamda sanoat zonalarini shahar muhitiga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari e’tiboriga sanoat klasterlarini boshqarishning muvaffaqiyatli modellari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda investitsiyalarni jalb etish strategiyasini o‘z ichiga olgan Gebze sanoat zonasi tajribasi havola etildi. Tadbirda Gebze sanoat zonasi prezidenti Alp Chelikbilek va Gebze Savdo palatasi prezidenti Abdurahmon Aslantash ishtirok etdi.

Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida shaharsozlik, sanoatni rivojlantirish va innovatsion yechimlarni joriy etish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Delegatsiya tarkibiga Navoiy, Shahrisabz, Samarqand, Farg‘ona va Yangi Namangan tumani hokimlari kirdi. Ular Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi a’zolari hisoblanadi.

Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi (TDBB) 2003-yil 12-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, turkiy tilli mamlakatlar va hududlar o‘rtasida shahar boshqaruvi sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadini ko‘zlaydi. Tarixiy, madaniy va geografik qadriyatlar asosida birlashgan ushbu tashkilot mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni faol amalga oshiradi. TDBB tarkibida 30 ta mamlakatdan 1200 ga yaqin munitsipalitet bor.

Hokimlarning malaka oshirish doirasida olgan tajribasi shaharlarda zamonaviy standartlarni joriy etish, aholining turmush sifatini oshirish va biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha rejalarga asos bo‘ladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling