O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birini samimiy qutladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 30-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Davlat rahbarlari qardosh xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak navbatdagi yig‘ilishi va Turkiy davlatlar tashkilotining rejadagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda bo‘lajak Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumini, shuningdek, Turkiya Buyuk millat majlisi delegatsiyasining Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining 150-sessiyasida ishtirok etish uchun tashrifini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birini samimiy qutladilar.