Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Iqtisod 15/12/2024 O‘zbekiston va Turkiya yangi o‘zaro manfaatli loyihalarni tayyorlamoqda

O‘zbekiston va Turkiya yangi o‘zaro manfaatli loyihalarni tayyorlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-14 dekabr kunlari vazir o‘rinbosari Akram Aliyev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi  Anqara va Istanbul shaharlariga tashrif buyurib, Turkiya tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari Mustafa Tuzju, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ahmed Bagchi, Eksimbank direktori Ali Gyuney hamda Kontrolmatik, Anadolu Group, Akgün Grup, Sam Yapi, Fernas Group, Koç, Metallurgy, Asya Modern Serachilik, Sarıkoç Holding, Baktat Gida kabi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,3 barobarga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat iqtisodiyotlarining mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlariga ega ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilgan holda tomonlar tovar nomenklaturasini kengaytirish, elektron tijoratni keng qo‘llash, tovarlarga erkin kirish imkoniyatlarini oshirish va boshqa ko‘plab chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Turkiyaning qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganib, amaliyotga joriy etadi. Shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq o‘zbek-turk seleksiya va sinov markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Korxonalar rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda sog‘liqni saqlash, elektr energetikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishildi. Loyihani amalga oshirishning bosqichlari, ya'ni loyihadan oldingi hujjatlarni tayyorlashdan tortib, obyektlarni ishga tushirish va rejalashtirilgan quvvatlarga erishishgacha bo‘lgan jarayonlar kelishib olindi.

Umuman olganda, Turkiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonda faoliyat yuritish va ikkilanmasdan sarmoya kiritishga tayyorligi mamlakatimizdagi investitsiyaviy muhitiga yuqori ishonch bilan qaralayotganidan dalolat beradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling