Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Texnologiyalar 23/04/2025 O‘zbekiston va Turkiya IT sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Turkiya IT sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Turkiyaning O‘zbekistonga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Ufuq Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dastlab mehmonlarga yurtimizda axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar, shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil taqdimot namoyish etildi. Ayniqsa, IT Park Uzbekistan faoliyati va unda joylashgan xorijiy hamda mahalliy kompaniyalar faoliyati alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, mehmonlar O‘zbekistonning yagona IT-integratori sanaluvchi UZINFOCOM markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuv avvalida vazir Sherzod Shermatov Ufuq Ulutashni ushbu lavozim bilan tabrikladi va faoliyatiga omad tiladi.

Shundan so‘ng vazir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish bo‘yicha belgilab bergan topshirig‘iga asosan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, chet el kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish, IT-eksportni kengaytirish va yoshlar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish borasida tizimli faoliyat olib borilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Turkiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish va autsorsing xizmatlarini rivojlantirish taklifi ilgari surildi. Ayniqsa, yurtimiz yoshlarining xorijiy tillarni bilish darajasi oshib borayotgani, shu sababli ular Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikda Yevropa bozorlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekani qayd etildi.

IT sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar uchun mavjud soliq imtiyozlari va ular soliqdan ozod etilgani haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, Turkiya elchixonasi imkoniyatlaridan foydalangan holda turk IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tiborga olindi. Xususan, yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan Kiberxavfsizlik universiteti va ushbu muassasa bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar berildi.

Turkiya elchisi Ufuq Ulutash mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Turkiya hukumati axborot texnologiyalari sohasiga katta e’tibor qaratayotganini qayd etdi.

Elchi har yili Turkiya tomonidan o‘tkaziladigan “Technofest” tadbirida O‘zbekiston delegatsiyasining ham ishtirokini ta’minlashni taklif etdi. Bundan tashqari, kelgusida mazkur tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi. Bu orqali ikki mamlakat IT-kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

Uchrashuv davomida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash va bu yo‘nalishda tajriba almashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling