O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashni davom ettirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sankt-Peterburg shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli Raisi Rustami Emomali bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Senat Raisi T.Narbayeva Rustami Emomalini Tojikiston Respublikasi parlamenti rahbari lavozimiga saylangani bilan tabriklab, kelgusi davrda ham ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida yuqori darajadagi hamkorlik va yaqin aloqalar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinib, O‘zbekiston-Tojikiston strategik sherikligining mustahkam asosi ikki davlat rahbarlarining yaqin hamkorligi va o‘zaro ishonchning yuqori darajasi asosida shakllanayotgani taʼkidlandi.
Parlamentlarning yangi tarkibi shakllangani munosabati bilan parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish rejalari muhokama qilindi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati masalalarini kun tartibiga kiritgan holda “O‘zbekiston – Tojikiston” do‘stlik guruhi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki do‘st davlat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni mustahkamlash va har tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish niyatida ekanligini tasdiqladi.