O‘zbekiston va Tojikiston 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamraisligida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Tojikiston hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik aloqalari amaliy jihatdan mustahkamlanib borayotgani, bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar hamda ularning siyosiy irodalari muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.
Qayd etilganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oxirgi besh yilda ikki barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni uch yuzdan oshdi. Bu ko‘rsatkich doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, tovar aylanmasi ko‘rsatkichi mamlakatlar salohiyatiga to‘laqonli mos kelmaydi va hali foydalanmagan barcha imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, Davlatlarimiz rahbarlari hukumatlar zimmasiga
2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish yetkazish vazifasi qo‘yilgan
Yig‘ilishda buning uchun sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, transport va kommunikatsiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, suv resurslari va energetika sohasida o‘zaro manfaatli samarali hamkorlikni davom ettirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirish, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi bildirildi.
Yakunda O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n ikkinchi yig‘ilishi bayoni imzolandi.
Shuningdek, ikki mamlakat Bosh vazirlari birgalikda Xivadagi Ichan qal’aga tashrif buyurdi. “Ochiq osmon ostidagi muzey” deya e’tirof etiladigan mazkur Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar Tojikiston delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.