O‘zbekiston va TCS: Logistika hamkorligida yangi bosqich
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Karachi shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Akobir To‘xtayev va Janubiy Osiyoning yetakchi logistika kompaniyalaridan biri — TCS (Tranzum Courier Service) o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida logistika, investitsiya, elektron tijorat va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
1983 yilda tashkil etilgan TCS kompaniyasi 200 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, yuk tashish, B2B/B2C logistika, elektron tijorat va transchegara savdo sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi. U Janubiy Osiyoda ishonchli va tezkor logistika xizmati sifatida tan olingan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyati taqdim etildi. Jumladan, logistika xizmatlariga yuqori ehtiyoj mavjud va eksport salohiyati o‘sib borayotgan to‘qimachilik, qurilish, charm-poyabzal va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari tanishtirildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni TCS kompaniyasiga quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:
Navoiy yoki Termezda logistika xabi ochish,
Pokiston — O‘zbekiston — YEOII davlatlari yo‘nalishida qo‘shma pilot logistika marshrutini amalga oshirish,
Elektron tijorat va raqamli logistikada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish,
TCS faoliyatini O‘zbekistonda tashkil etishda Savdo-sanoat palatasi tomonidan institutsional ko‘mak ko‘rsatish.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va TCS o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, logistika xablarini joylashtirish, raqamli logistika tizimlarini joriy etish va eksport jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikka asos bo‘lib xizmat qiladi.