O‘zbekiston va Tatariston Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 17 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Shamil Ageyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda shuningdek, Rossiyaning eng yirik ko‘p tarmoqli biznes-kompleksi — «Xalqaro savdo markazi» bosh direktori va kuzatuv kengashi raisi Vladimir Strashko, hamda Tatariston Respublikasining O‘zbekistondagi savdo vakili Aydar Axtarev ham ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya, jumladan, Tatariston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Jumladan, joriy yilning 13-18 may kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan XVI xalqaro iqtisodiy forum — «Rossiya – Islom olami: KAZANFORUM» doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va mahalliy ishbilarmon doira vakillarining ishtirokini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu forumda O‘zbekiston tadbirkorlari faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab olishdi. Shuningdek, Tatariston Savdo-sanoat palatasi va «Xalqaro savdo markazi» bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.