O‘zbekiston va Stirling Foundation inklyuziv ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux Gulamov Amerikaning "The Stirling Foundation" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
The Stirling Foundation global xayriya jamgʻarmasi boʻlib, 2008-yilda tashkil etilgan.Bosh qarorgohi AQSHning Yuta shtatida joylashgan. Hozirda Fond 40 ta davlatdagi 100 dan ortiq hamkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Yaqin Sharq, Afrika, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va MDHda, jumladan, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda loyihalari mavjud.
Uchrashuv davomida hamkorlikning bir qancha istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, Inklyuziv ta’limning Milliy modeli konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, harakatlanish imkoniyati cheklangan kishilar uchun transport va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash (inklyuziv muhit yaratish) loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida alohida ehtiyojli bolalarning ota-onalarini qoʻllab-quvvatlash markazlarini tashkil qilish, maktablar tashkil etish va inklyuziv taʼlim uchun oʻqituvchilar tayyorlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.