Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Sloveniyaning Brdo shahrida ushbu mamlakat rahbariyati tomonidan Yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan qabul marosimida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov tadbir doirasida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar, Bosh vazir Robert Golob, Bosh vazir o'rinbosari, tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan samarali uchrashuvlar o'tkazdi.
Bo'lib o'tgan muloqotlar chog'ida tomonlar O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi hamkorlikni barcha yo'nalishlarda yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga e'tibor qaratildi.
Ikki davlat o'rtasidagi o'zaro anglashuvni chuqurlashtirish va sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladigan turli darajadagi tashriflarni tashkil etish muhimligi qayd etildi.