Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Shanghai Oriental Credits Industrial Development Со., Ltd” kompaniyasi boshqaruv raisi Xu Chunxua boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kompaniya bosh direktori Jeyms Siao, Suv xo‘jaligi muxandisligi bo‘yicha mutaxassislar Mao Lishan va Xuang Ventsung hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash departamenti direktori o‘rinbosari To‘lqin Mirzayev, Buyurtmachilar faoliyatini rivojlantirish va qurilish sohasi metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i Xen Eduard va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonning suv resurslarini boshqarish sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi infratuzilmani modernizatsiya qilish, xususan, tizimda samaradorlikni oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar suv resurslarini boshqarish sohasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari hamda sohada zamonaviy va ilg‘or tajribalardan keng foydalanish yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda fikrlar almashinuv jarayonlarini ko‘paytirishga kelishib oldilar.