O‘zbekiston va Rossiya tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va Uzoq Sharq tadbirkorlar klubi ijroiya direktori Anastasiya Prodan boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasining Primorsk o‘lkasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini taʼkidlab, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli tashkil etilganini yuqori baholadilar.
Muzokaralar davomida asosiy eʼtibor sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratildi. Xususan, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, ulgurji savdo, avtomobil sanoati, to‘qimachilik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida liftlar ishlab chiqarish va qurilish materiallari sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek bozordagi vaziyat, ko‘rgazma va yarmarkalar haqida doimiy axborot almashinuvini taʼminlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.