Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Rossiya Federatsiyasi Federal baliqchilik agentligi rahbari o‘rinbosari Andrey Yakovlev bilan video-konferens-aloqa shaklida muloqot olib bordi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida baliqchilik sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan Rossiyaningmaxsus iqtisodiy zonasida Uzoq Sharq baliqchilik havzasida 2025-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi uchun 20 ming tonna mintay va 5 ming tonna seld balig‘ini ovlashga kvota ajratilishiga kelishildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi baliqchilik sohasidagi Qo‘shma komissiyaning 1-sessiyasining yakuniy Bayonnomasi rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar baliqchilik va akvakultura sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy-texnikaviy, amaliy dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, baliqchilik tarmog‘i uchun kadrlar malakasini oshirish, mutaxassislarni tajriba almashinuvga yuborishga kelishib oldilar.