O‘zbekiston va Reliance Industries raqamli infratuzilma va strategik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux Gulamov Hindistonning Reliance Industries kompaniyasi bosh direktori Prasad Panda bilan uchrashdi.
Reliance Industries 1966-yilda tashkil etilgan va Hindistondagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya rahbari - Mukesh Ambani. Energetika, neft-kimyo, savdo, telekommunikatsiyalar, raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning aktivlari 300 milliard dollarni tashkil qiladi.
Suhbatda O‘zbekistonda yirik telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish, raqamli infratuzilmani yaratish, yuqori tezlikdagi aloqa va ma’lumotlarni uzatish texnologiyalarini joriy etish yo'nalishlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iqtisodiyotning tog‘-kon sanoati va energetika sohalarida amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarni hayotga tatbiq qilish doirasida kelgusidagi qo‘shma tadbirlar va faol hamkorlik mexanizmini kelishib oldilar.