O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy Osiyo – Xitoy (C5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi aviatsiya ma’murlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu qadam transport qulayligini rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, ikki davlatning sayyohlik jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, ikki davlatning tayinlangan tashuvchilariga Olmaota – Toshkent va Nur-Sulton – Toshkent yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha haftasiga 42 tagacha reysni amalga oshirishga ruxsat berildi. Qolgan barcha yo‘nalishlarda haftasiga 7 tagacha reys bajarishga ruxsat etildi.
Tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi barcha kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirgan taqdirda, parvozlarning ruxsat etilgan chastotasi haftasiga 238 ta reysni tashkil etadi.
Shuningdek, tomonlar mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun belgilangan manzillar sonini ko‘paytirishga kelishib oldilar. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda.
Xususan, 2025-yil 3-iyuldan boshlab O‘zbekistonning "My Freighter" ("Centrum Air") aviakompaniyasi haftasiga 2 ta reys bilan Aqtau – Nukus yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishni boshladi. Qozog‘istonning "Fly Arystan" aviakompaniyasi esa o‘z navbatida, 2025-yil 15-iyuldan boshlab haftasiga 3 ta reys bilan Atirau – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.
Muzokaralar yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish va mamlakatlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda kelgusida samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlashdi.