Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Karachida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev TCS kompaniyasi rahbari Xalid Avan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish, logistika tizimini yaxshilash hamda ikki davlatning transport-tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish masalalari muhokama qilindi.
TCS rahbari O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, uning tranzit-transport yo‘laklari va tovar aylanmasini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Kompaniya O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yuk havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu transport yo‘nalishi tez buziladigan mahsulotlarni yetkazib berish uchun qulaylik yaratadi. Shuningdek, kompaniya Yevropa va Amerika davlatlari bilan hamkorlik tajribasini ishga solgan holda, ikki davlat o‘rtasidagi turizm oqimlarini rivojlantirishga ham ko‘maklashish niyatida ekanligini bildirdi.