O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning rasmiy tashrifi doirasida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov va O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirokida Pokistonning yetakchi transport kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda logistika sohasidagi dolzarb masalalar va mavjud to‘siqlar muhokama qilindi. Xususan, Pokiston logistika kompaniyalarining multimodal koridorlar orqali eng qisqa yo‘nalishlarni tashkil etishda duch kelayotgan amaliy va tashkiliy qiyinchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda logistika “xab”i sifatidagi roli muhokama qilindi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatning butun Markaziy Osiyo bozoriga xizmat ko‘rsatuvchi “xab” sifatida faoliyat yuritish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi transport va logistika tizimlarini yana-da integratsiya qilish imkonini beradi.
Uchrashuvda, shuningdek, yangi “Transafg‘on” loyihasi doirasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo logistika “xab”i sifatida Karachi portiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati muhokama qilindi. Pokiston tomoni ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qisqa muddat ichida O‘zbekiston va Pokiston logistika sohasini yana-da rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan umumiy kelishuvga erishishga kelishib oldilar. Bu hamkorlik iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va mintaqada transport tizimlarini yana-da samarali tashkil etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.