Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 29/06/2025 O‘zbekiston va Pokiston charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi: 1 million dollarlik shartnoma imzolandi

O‘zbekiston va Pokiston charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi: 1 million dollarlik shartnoma imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokiston – charm sanoatida dunyoga mashhur brendlarga mahsulot yetkazib beradigan davlat. O‘zbekiston esa bugungi kunda ushbu tarmoqni mintaqaviy kuchga aylantirish yo‘lida faol harakat qilmoqda. Karachi shahridagi so‘nggi muzokaralar esa aynan shu ikki salohiyatli bozorning bir nuqtada tutashuvini anglatadi.

2025 yil 25–26 iyun kunlari “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligida Pokistonning Karachi shahriga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Safar doirasida mamlakatning yetakchi charm-poyabzal ishlab chiqaruvchilari, eksportchilar uyushmalari va yirik sanoat tuzilmalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Pokistondagi muzokaralarning eng muhim natijalaridan biri — “Olga elining maskani ziyo” MChJ rahbari Qarshiyev Zahriddin va “Mubarak Ali” kompaniyasi rahbari Mubarak Ali Mubak o‘rtasidagi 1 million dollarlik hamkorlik kelishuvi bo‘ldi. Unga ko‘ra, tomonlar kooperatsiya asosida ish yuritish, O‘zbekistondagi xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha amaliy loyihani boshlashga kelishib oldi.

Bu nafaqat iqtisodiy kelishuv, balki ikki mamlakat charm sanoati o‘rtasidagi ishonch ramzidir. Pokiston tomoni — qayta ishlash tajribasi va keng eksport tarmog‘iga ega bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni — xomashyo, imtiyozlar va ishchi kuchi bo‘yicha afzalliklarga ega.

Ikki kunlik safarda Pokiston terini qayta ishlovchilar uyushmasi, “Shafiq Brothers”, “Noor Leather”, “The Designer”, “Zainab and Co”, “A.M.A. Leather Industry” kabi yetakchi kompaniyalar bilan B2B muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekistonning investitsiya muhiti, bojxona va soliq imtiyozlari, eksport logistika tizimi va kichik sanoat zonalari bo‘yicha keng taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Pokiston teri korxonalari uyushmasi rahbari Hamid Arshad Zahur O‘zbekistonga biznes-tur uyushtirish, qo‘y va echki terisini qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik taklifini bildirdi. 

Muzokaralar doirasida yana bir e’tiborga molik voqea — “Shafiq Brothers” kompaniyasi bilan Jizzax viloyatida terini qayta ishlash va tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, mazkur loyiha allaqachon rejalashtirilgan bo‘lib, bu safarda aniq texnik detallari muhokama qilindi.

 Kompaniya o‘z mahsulotlarini “Stella Footwear”, “Darucci Leather”, “MANGO” kabi jahon brendlariga yetkazib beradi. Bu ham O‘zbekiston mahsulotlari xalqaro bozoridagi salohiyatini yuksaltirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.

 Bu safar faqat kelishuvlar bilan chek­lanib qolmadi. O‘zbekistondagi “UzCharmExpo Eurasia-2025” xalqaro ko‘rgazmasiga Pokistonning yetakchi kompaniyalari taklif etildi. Shu orqali ikki tomonlama hamkorlik bunyodkorlik va eksportga yo‘naltirilgan yangi darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling