O‘zbekiston va Pokiston asalarichilik sohasida hamkorlikni rivojlantiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida 12 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining masʼul xodimlari hamda “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi raisi Erkin Nazarov Pokistonning “Adam Tradi” va “Marhaba” asal mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarida bo‘ldilar.
Mehmonlar korxonalarning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyalarida bo‘lib, jarayonlarni yaqindan kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, tashrif doirasida asal mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda asal mahsulotlarining yetarli zaxirasi mavjudligi va uni eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Birinchi bosqichda 5 tonna, keyinchalik esa bosqichma-bosqich 20 tonnadan asal va asalarichilik mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish masalalari ko‘rib chiqildi.