O‘zbekiston va Ozarbayjon soliq ma’muriyatchiligi sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasi Davlat soliq xizmati rahbari Orxan Nazarli taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev Yevropa Soliq administratsiyalari tashkiloti (IOTA (https://www.iota-tax.org/about-us/organisation))*ning Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Boku shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Sherzod Kudbiyev IOTA Bosh kotibi bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda Alix Perrignon de Troyes xonim o‘z tashkiloti O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Mazkur tashrifni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Bitim ratifikatsiyasi, shuningdek Oliy darajada erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning izchillik bilan amalga oshirilayotganligi sifatida baholash mumkin.
Ikki davlat soliq idoralari o‘rtasida samaradorligi isbotlangan ilg‘or tajribalarni qo‘llash bo‘yicha muntazam tajriba almashinuvi yo'lga qo'yilgan. (https://t.me/soliqnews/14774)
Xususan, Ozarbayjon tomoni O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi (https://lex.uz/ru/docs/-6773342)ni joriy etish tajribasini katta qiziqish bilan o‘rganib, uni o‘z tizimida qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi Ozarbayjonning tabiiy gazni qazib olish va tashish jarayonida uni oʻlchash va hisobga olish tizimini yaratish boʻyicha tajribasini, shuningdek, ikki tomonlama soliqqa tortishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi bitimlar qoidalarini amalga oshirishda huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganishga qiziqish bildirmoqda.
Umuman olganda, Soliq qo'mitasi rahbariyatining mazkur tashrifi nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga, Yevropa Soliq administratsiyalari tashkiloti bilan o'zaro hamkorlik aloqalari uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
*IOTA (https://www.iota-tax.org/about-us/organisation) – 43 ta aʼzo davlatdan iborat tashkilot bo‘lib, xalqaro ekspertlar tomonidan soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilishda ilg‘or tajribalarni tizimlashtirish va ularni amaliyotda tatbiq etish yo‘nalishida yetakchi platformalardan biri sifatida eʼtirof etilgan.