O'zbekiston va O'mon o'rtasida sayyohlar almashinuvi oshishi kutilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Masqat shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-O'mon tadbirkor ayollari biznes-forumi doirasida "Felix Tour" sayyohlik kompaniyasi asoschisi Ozoda Muhidova va "Bahwan Travel Agencies" LLC kompaniyasi bosh menejeri Biju Entoni o'rtasida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'mon vakiliga mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, xususan, ziyorat turizmi imkoniyatlari, xorijiy sayyohlarga yaratilgan sharoitlar, amalga oshirish mumkin bo'lgan yangi turloyihalar haqida batafsil so'zlab berildi.
Bosh menejer Biju Entoni O'zbekiston turizm salohiyatidan yaxshi xabardorligini ta'kidlab, o'zaro hamkorlikni yo'lga qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida ikki kompaniya o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, O'zbekiston yo'nalishida yangi turpaketlarni joriy qilish, yurtimizning ziyorat turizmi salohiyatini O'monda keng targ'ib qilish va boshqa masalalar yuzasidan kelishib olindi.