Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 22/05/2025 O‘zbekiston va Niderlandiya qishloq xo‘jaligi sohasida ekologik toza texnologiyalarga asoslangan hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston va Niderlandiya qishloq xo‘jaligi sohasida ekologik toza texnologiyalarga asoslangan hamkorlikni mustahkamlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov hamda Niderlandiyaning “Mac Agro B.V.” kompaniyasi bosh direktori, Yaqin Sharq mintaqasi va Turkiya bo‘yicha direktori Ali Koklu o‘rtasida videokonferensiya shaklida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni mustahkamlash, xususan, yuqori samarali va ekologik toza texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Suhbat chog‘ida Niderlandiyada ishlab chiqarilgan, innovatsion va tabiiy mahsulotlar asosida tayyorlangan biomassa turlarining o‘simlikchilikda qo‘llanish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, bunday mahsulotlar nafaqat o‘simliklarning o‘sishini rag‘batlantiradi, balki tuproq unumdorligini saqlash, suv sarfini kamaytirish va hosildorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

Mazkur yondashuv fermerlar uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lib, an’anaviy o‘g‘itlardan kamroq foydalanish orqali yuqori va ekologik toza hosil olish imkonini yaratadi. 

Bundan tashqari, suv resurslarining tejab-tergab ishlatilishi agrotexnikada barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi. Bu esa, O‘zbekistonning iqlim va agroekologik sharoitlari uchun ayniqsa muhim hisoblanadi. 

Tomonlar innovatsion loyiha doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratib, uni amaliyotga joriy etish va tegishli ishlarni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Shuningdek, tajriba almashish va muntazam aloqalarni davom ettirish yuzasidan bir qator takliflar bildirildi. 

Qayd etish lozimki, bunday yondashuv O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or g‘oyalar va texnologiyalarni mamlakatimiz agrar tarmog‘iga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling