Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi delegatsiya Moldovaga tashrif doirasida Agentia Medicamentului si Dispozitivelor Medicale – Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi rahbari Dragosh Gutsu bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (Agentia Medicamentului si Dispozitivelor Medicale) 2007-yilda tashkil topgan bo‘lib, mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tartibga solish, shuningdek, xavfsizlik va sifat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organi hisoblanadi.
Yakunda, ikki mamlakat farmatsevtika sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni milliy tizimlarga joriy etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, ilmiy va texnik taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.