O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning yetakchi "aql markazlari" ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llarini muhokama qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 26-iyun kuni "O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari" mavzusida onlayn forum o‘tkaziladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Mo‘g‘uliston Milliy xavfsizlik kengashi huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilmoqda.
Forumda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga ilk davlat tashrifi yakunlari sarhisob qilinadi.
Tadbirda ikki mamlakat diplomatik idoralari, yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etadi.
Forum kun tartibidan siyosat, savdo-iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi, "yashil" energetika, raqamli transformatsiya, transport va logistika sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bilan bog‘liq masalalar o‘rin olgan.
Ekspertlar muloqoti O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston strategik sherikligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishi va o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratishi kutilmoqda.