Valyuta kurslari 26/12/2024
$1 – 12928.27
UZS – 0,14%
€1 – 13462.21
UZS – 0,35%
₽1 – 129.66
UZS – 0,44%
Qidirish
Moliya 14/12/2024 O‘zbekiston va Mastercard hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Mastercard hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari va Mastercard xalqaro to‘lov tizimi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Mastercard’ning O‘zbekistondagi bosh menejeri Denis Filippov, kompaniyaning Markaziy Osiyodagi davlat sektori bilan ishlash bo‘yicha direktori Asel Abdraxmanova hamda vazirlik tarkibiy bo‘linmalarining bir qator mas’ullari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Mastercard bilan hamkorlikning O‘zbekiston uchun strategik ahamiyati ta’kidlandi. Hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari taklif etildi.

Ular orasida naqd pulsiz to‘lovlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha mobil to‘lovlar va kontaktsiz texnologiyalarni ommalashtirish, jamoat transporti va kommunal xizmatlarda kartalar orqali to‘lovlarni joriy etish, innovatsion to‘lov vositalarini ishlab chiqish, shu jumladan, raqamli hamyonlar va biometrik autentifikatsiya tizimlari.

Naqd to‘lovlar va “yashirin iqtisodiyot” ulushini kamaytirish bo‘yicha moliya savodxonligini oshirish maqsadida axborot kampaniyalarini tashkil etish, soliq organlari bilan hamkorlikda soliqdan qochish sxemalarini aniqlash va oldini olish.

Fintexni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kichik korxonalar uchun karta qabul qilish shartlarini yengillashtirish, onlayn savdo platformalari va biznesni boshqarish uchun fintex yechimlarini joriy qilish.

Davlat xizmatlari va soliqlar tizimida raqamlashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini onlayn formatga o‘tkazish, elektron to‘lov tizimlari orqali shaffof davlat xaridlarini amalga oshirish, to‘lov ma’lumotlari asosida soliq bazasini kengaytirish va samaradorligini oshirish.

Hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun normativ-huquqiy bazani yaratish, to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsion dasturlar ishlab chiqish, aholi va biznesni xabardor qilish bo‘yicha keng ko‘lamli axborot kampaniyalarini o‘tkazish.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuqoridagi masalalar bo‘yicha ma’lumot va fikr almashinuvi hamda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish ishlari davom ettirilishi ta’kidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling