O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar rejasi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kuala-Lumpurda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi .
Hujjat bilan ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida 2025-2026-yillarda sohada tajriba almashish, ilg‘or amaliyotni o‘rganish va joriy etish yuzasidan hamkorlikning aniq mexanizmlarini aks ettiradi.
Xususan, tomonlar hamkorlikda yirik qo‘shma aksilkorrupsiya tadbirlarini tashkil etish, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi o‘qitishda Malayziya tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish, «halollik tekshiruvi» loyihasini ishga tushirish hamda qo‘shma o‘quv dasturlari ishlab chiqishni rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hujjatda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini joriy etish va ular faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha Malayziya va O‘zbekiston amaliyotini solishtirgan holda tajriba almashish nazarda tutilgan.