O‘zbekiston va Koreya Respublikasi aviaqatnovlar sonini oshirish va transport loyihalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon va Koreya Eksimbankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kang bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Ayniqsa, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Transport vaziri Koreya tomoniga avtomobil yo‘llarini qayta qurish va yangi yo‘llar barpo etishga doir infratuzilma loyihalarini taqdim etib, ushbu loyihalarni amalga oshirishda koreyalik kompaniyalarning ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Koreya Eksimbankining vakolatxonasi rahbari Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ uchun olti elektrpoyezd yetkazib berish loyihasi ijrosi borasidagi ishlar haqida maʼlumot berdi va bankning O‘zbekistondagi boshqa transport tashabbuslarini moliyalashtirishga qiziqishini tasdiqladi.
Koreya elchisi Von Do Yon O‘zbekistonning Koreya Respublikasi uchun strategik ahamiyatga ega muhim hamkor ekanini, ayniqsa, transport sohasidagi aloqalardagi ahamiyatli rolini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida koreyalik hamkorlar O‘zbekiston Transport vazirligi vakillarini joriy yilning ikkinchi yarmida o‘tkaziladigan Koreya-Markaziy Osiyo xalqaro forumida ishtirok etishga taklif qildilar.