O‘zbekiston va KIDL qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas'ullari Koreyaning KIDL kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning hozirgi holati va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, issiqxona xo‘jaligi, zamonaviy laboratoriyalar va sovutgichli omborlar qurish, ilg‘or texnologiyalar asosida o‘quv markazlari barpo etish, meva-sabzavotchilik hamda kartoshkachilik yo‘nalishidagi ilmiy-amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida zamonaviy issiqxonalar barpo etish, ularga parallel ravishda sovitish va saqlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu loyihalar hududlarda zamonaviy agroinfratuzilmani shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, meva-sabzavotchilik yo‘nalishida ilg‘or tajribalarni o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazi qurilishi, jihozlanishi va foydalanishga topshirilishi borasidagi amaliy harakatlar ijobiy baholandi. Qurilish ishlari yakunlanib, bino va inshootlar zamonaviy uskunalar bilan to‘liq jihozlanmoqda.
Tomonlar shuningdek, aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, mahalliy iqlimga mos texnikalarni sinovdan o‘tkazish va bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish maqsadida innovatsion markaz tashkil etish masalasini ham muhokama qildilar. Ushbu markaz negizida bir nechta hududlarda sinov xo‘jaliklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, urug‘lik kartoshka yetishtirish, in-vitro laboratoriyalar va zamonaviy issiqxonalarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Koreya tomoni bilan birgalikda amalga oshirilayotgan bu tashabbuslar respublikaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xorijiy bozorga eksport qilish, agrologistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda issiqxonalarni modernizatsiya qilish kabi yangi yo‘nalishlarda ham hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha anglashuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaldagi loyihalarni izchil davom ettirish, ularning samaradorligini oshirish hamda yangi yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish masalalarida o‘zaro fikr almashdilar va tegishli choralarni belgilab oldilar.