Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Iqtisod 11/04/2025 O‘zbekiston va Jahon banki hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Jahon banki hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-aprel kuni Jahon bankining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy direktori Vebke Shlomer hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishtemov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar global iqtisodiy tendensiyalar, iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlash, zamonaviy trendlar va imkoniyatlar, mehnat samaradorligini oshirishda sun’iy intellektning o‘rni va ta’siri, ish o‘rinlarini yaratish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish hamda savdo imkoniyatlarini kengaytirishda Jahon Savdo Tashkilotining ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.

Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratish, jumladan, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, turizm, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishi sohalarida sifatli ish o‘rinlarini yaratish ayni paytdagi muhim yo‘nalishlardan ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuzasidan erishilgan natijalar hamda O‘zbekistondagi iqtisodiy-moliyaviy jarayonlar yuzasidan muhokamalar olib bordi. Xususan, quyidagi yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi:

·       makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash:

·       samarali budjet siyosatini yuritish:

·       inflatsiya darajasi maqsadli ko‘rsatkichlarda boshqarish:

·       davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari yuzasidan etrishilayotgan natijalar:

·       davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar:

·       xususiylashtirish jarayonlari:

·       energiya samaradorlikni oshirish hamda barqaror va yashil issiqlik tizimini shakllantirish:

·       xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash:

·       transport-logistika sohasini rivojlantirish.

O‘z navbatida, Jahon banki vakillari O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yuqoridagi qayd etilgan sohalar yuzasidan fikrlar almashinuv jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga erishishda samarali va tizimli faoliyat olib borishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling