Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda «Parrandasanoat» uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya Hindistondagi Karnataka provinsiyasining Bangalor shahrida bo’lib turibdi.
Delegatsiya vakillari Hindistonning «Karnataka Poultry Farmers & Breeders Association» (KPFBA) bilan parrandachilik mahsulotlarini yetishtirishda kooperatsiya tizimini o‘rganish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Hindistondagi Karnataka provinsiyasida xoʻjaliklar va tomorqa yer egalari oʻrtasida oʻrnatilgan kooperatsiya tizimi hisobiga mamlakatda yetishtiriladigan parranda goʻshtining 70 foiz qismi yetishtiriladi. Safar davomida ushbu jihatlarni oʻrganish va kelgusida Oʻzbekiston sharoiti uchun maʼqul tomonlarini oʻzlashtirish rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar natijasida Hindistonning «Karnataka Poultry Farmers & Breeders Association» (KPFBA) bilan Respublikamiz hududida xorijiy tajribalarni joriy etish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida parrandachilik sohasida o‘qitish, laboratoriya va texnik yordam, kichik fermerlar imkoniyatlarini kengaytirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash va monitoring qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik ishlari amalga oshiriladi.
KPFBA – 1991-yilda tashkil etilgan, Hindistonning Karnataka provinsiyasida faoliyat yurituvchi yetakchi parrandachilik uyushmasi bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlari va soha ehtiyojlarini qondirish bilan shug‘ullanadi.