Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “O‘zbekistonda xususiy sektorga yordam berish va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlar” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) Beate Shoreit boschiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda EQuIP uslubiyatidan foydalangan holda sanoat siyosatini kuzatish va baholash tizimini ishlab chiqish, shuningdek, O‘zbekistonning sanoat rivojlanish strategiyasini tayyorlash masalalari bo‘ldi.
Muhokama davomida “yashil” startaplarni qo‘llab-quvvatlash, universitetlar va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, sanoat korxonalarini transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmiga tayyorlash bo‘yicha tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekistonda xususiy sektorga yordam berish va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlar” loyihasi O‘zbekistonni yashil sanoatlashtirish va energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, bu milliy barqaror iqtisodiy rivojlanishning strategik maqsadlariga mos keladi. Uchrashuvda tomonlar belgilangan maqsadlarga erishish va iqtisodiy siyosat sohasida samarali qarorlarni amalga oshirish uchun faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Loyiha ko‘p bosqichli yondashuv asosida amalga oshirilib, davlat organlari, xususiy kompaniyalar, biznes uyushmalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqin hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Asosiy vazifalardan biri O‘zbekistonda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va “yashil” sanoatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishdir.
“O‘zbekistonda xususiy sektorga yordam berish va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlar” loyihasi ( “Private sector development and economic policy advice in Uzbekistan” Project) Germaniya Federativ Respublikasining Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtiriladi hamda Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH ko‘magida amalga oshirilmoqda.