Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va Germaniyaning “Halman GmbH” kompaniyasi rahbari Ilyas Gujlu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar Germaniyaning Frankfurt shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining vakolatxonasini tashkil etish tashabbusini muhokama qilishdi. Bu vakolatxona ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, O‘zbekiston mahsulotlarini Germaniya va Yevropa Ittifoqi bozorlarida targ‘ib qilishga qaratilgan platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu tashabbuslar O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi talabini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalarni amalga oshirish hamda hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.