Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-26-yanvar kunlari Germaniyaning Berlin shahrida “Green Week – 2025” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugun mazkur ko‘rgazmaga start berildi.
Nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham “Made in Uzbekistan” milliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari stendi bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Germaniyada bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi qator hamkor tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri Germaniyaning Leybnits nomidagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO) departamenti direktori o‘rinbosari Lena Kyuyn bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash masalalari muhokama qilindi.
Binobarin, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Ushbu sohada xalqaro tajriba, xususan, Germaniyaning ilg‘or usullari va xalqaro indeks ko‘rsatkichlarini tatbiq etish bo‘yicha IAMO institutining ilmiy yondashuvlarini qo‘llash imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki davlat qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlashni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, O‘zbekistonlik talabalarning IAMO institutida tahsil olishlari va ilmiy-amaliy tajriba orttirishlari uchun sharoit yaratish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish orqali ushbu tarmoqni yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishida hamkorlik qilishning dolzarb ahamiyati qayd etildi.
Aytish kerak, mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish hamda global standartlarga moslashtirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.