O‘zbekiston va CONNEX investitsiya bitimlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyev va xalqaro CONNEX Support Unit tashkilotining hamkorlik va donorlar bilan ishlash bo‘yicha katta maslahatchisi Remi Dion o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida investitsiyaviy bitimlarni tayyorlash va amalga oshirish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Ayniqsa, infratuzilma, qayta tiklanuvchi energetika va tog‘-kon sanoati sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishda muvozanatli shart-sharoitlarni yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar CONNEХning xalqaro ekspertlar jamoalarini jalb etish orqali huquqiy, iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlarda kompleks yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar — bu yordam loyihalash bosqichidan boshlab investitsiyaviy kelishuvlarni imzolashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.
CONNEX Support Unit — G7 davlatlari tashabbusi bilan tashkil etilgan va GIZ (Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati) ko‘magida faoliyat yuritadigan xalqaro tashabbusdir. Tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlarga yirik investitsiyaviy bitimlar bo‘yicha muzokaralar olib borishda bepul texnik, huquqiy va tahliliy yordam ko‘rsatadi, ayniqsa yer osti boyliklari, infratuzilma va qayta tiklanuvchi energiya sohalarida.