Valyuta kurslari 16/05/2025
$1 – 12965.34
UZS – -0,11%
€1 – 14525.07
UZS – -0,56%
₽1 – 161.34
UZS – -0,18%
Qidirish
O‘zbekiston 16/05/2025 O‘zbekiston va Bolgariya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari siyosiy va konsullik muloqotini faollashtirish masalalarini muhokama qilishdi

O‘zbekiston va Bolgariya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari siyosiy va konsullik muloqotini faollashtirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 14-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Bolgariya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mariya Angelieva bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar siyosiy va konsullik yo‘nalishlaridagi muloqotni faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarni tizimli asosda ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv davomida mehnatkashlar, xususan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish, ular orasida vijdonsiz ish beruvchilardan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bolgariya tomoni mehnat migratsiyasi bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ta’kidladi hamda yaqin kelajakda ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama bitimlar imzolanishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligini qayd etdilar.

Tashrif doirasida Bolgariya parlamentining Mehnat qo‘mitasi raisi D. Sacheva, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari L. Yosifov hamda Bolgariya Savdo-sanoat palatasi raisi T. Simeonov bilan kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda mehnat migratsiyasi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, qo‘shma o‘quv markazlarini tashkil etish, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va qo‘shma loyihalar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidlab, erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishga to‘liq tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling