O‘zbekiston va BAT Uzbekistan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-may kuni O‘zbeksiton Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “BAT Uzbekistan” delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
“BAT Uzbekistan” — Buyuk Britaniyada asos solingan “British American Tobacco” (BAT) xalqaro kompaniyasining bir qismi bo‘lib, mamlakatimizda tamaki sanoatining yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistondagi faoliyatini 1994-yilda boshlab, hozirga qadar davom ettirib kelmoqda.
Xorijiy delegatsiya tarkibida Pokiston, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor Vael Sabr, “O‘ZBAT A.O.” QK AJ bosh direktori Temur Gadaybayev, BAT - APMEA West guruhi submintaqasi korporativ masalalar departamenti direktori Mona Iskandarani, “BAT O‘zbekiston” yuridik va korporativ masalalar departamenti direktori Sergey Krasovskiy hamda “O‘ZBAT A.O.” QK AJ bosh direktorining korporativ masalalar bo‘yicha maslahatchisi Alisher Bekkulbekov qatnashdi.
O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i O‘tkir Qobilov, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonda uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari va biznesni rivojlantirish bo‘yicha strategik tashabbuslarni muhokama qilish bo‘ldi. Suhbat davomida xalqaro kompaniya vakillari mamlakatda kechayotgan o‘zgarish jarayonlarini yuqori baholadi. Shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va chet el investorlari uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi yutuqlar alohida ta’kidlandi.
Xalqaro kompaniya rahbariyati O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy bozor sifatidagi strategik ahamiyatini ta’kidlab, uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.