O‘zbekiston va BAA o‘rtasida yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024 yil 27 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo doirada ekstraditsiya, jinoyat ishlarida o‘zaro yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ikki tomonlama daromad solig‘idan ozod qilish, fan va texnika hamda boshqa sohalarda 31 ta hujjat imzolangan.
Ushbu Bitim Birlashgan Arab Amirliklari delegetsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida 2024 yil 17 sentyabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.
Hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir tomon fuqarolarini boshqa tomon hududida uning fuqarolari bilan bir xildagi huquqiy himoyaga ega bo‘lish, fuqarolik va iqtisodiy masalalarda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ushbu tomon fuqarolari uchun belgilangan shartlarda murojaat qilish huquqi bilan taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ikki davlat aholisining fuqarolik va iqtisodiy munosabatlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish va sud hujjatlarini tan olish kabi masalalarda huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilanyapti.
Qonun loyihasi yuzasidan maʼruza qilgan deputat Shoira Rajabovaning qayd etishicha, mazkur Bitim O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.