O‘zbekiston va Avstriya energetika va raqamli transformatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum tayyorlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Avstriya moliya vaziri o‘rinbosari, Federal moliya vazirligining Teleradiokumminikatsiya, pochta xizmatlari va tog‘-kon sanoati bo‘yicha bosh direktori janob Andreas Reykhardt boshchiligidagi Avstriya biznes delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullayev, Energiya samaradorligi milliy agentligi vakillari, shuningdek, vazirlikning tegishli departamentlari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tib, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini amaliy bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar energiya samaradorligini oshirish, isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy sohalarda innovatsion yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shu doirada, energetika sohasi bo‘yicha hamkorlikni rasmiylashtirish yuzasidan memorandum imzolash ehtimollari ko‘rib chiqildi.
Avstriya delegatsiyasi o‘z navbatida, quyidagi uch yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi:
· Kichik va o‘rta biznes subyektlarini raqamlashtirish (Digitalization of SMEs): zamonaviy texnologiyalar yordamida YATT va kichik kompaniyalar faoliyatini optimallashtirish va ularga qulay sharoitlar yaratish;
· Soliq auditi va soliq majburiyatlari bo‘yicha raqamli yechimlar (Digitalization of tax audits and tax compliance): fiskal boshqaruvda ochiqlik, monitoring va samaradorlikni ta'minlaydigan raqamli tizimlar joriy etish;
· Kiberxavfsizlik va huquqiy-institutsional baza rivoji (Cybersecurity and legal framework development): axborot xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy qilish hamda qonunchilikni takomillashtirishda ko‘maklashish.
O‘zbekiston tomoni esa energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, shaharsozlik va urbanizatsiya jarayonlarida “aqlli” yechimlardan foydalanish orqali infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Avstriya tajribasini o‘rganish hamda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi iqtisodiy-texnologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hamda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.