O‘zbekiston va AQSh yadroviy kontrabandaga qarshi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasida AQSH Energetika Vazirligining Yadroviy kontrabandani aniqlash va oldini olish boshqarmasi (YAKAOB) vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
AQSH ning YAKAOB dasturlari rahbari o‘rinbosari M.Sik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Davlatimiz Rahbari tomonidan O‘zbekiston-AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Mazkur hamkorlik bojxona sohasida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Uchrashuvda chegara bojxona postlariga radiatsion portal monitorlar o‘rnatish va ularning sozligini taʼminlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Hozirda Andijondagi “Do‘stlik” hamda Farg‘onadagi “O‘zbekiston” chegara bojxona postlariga va Bojxona institutiga radiatsion portal monitorlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda va kelgusi oyda jarayon to‘liq yakunaladi.
Shu boisdan mehmonlar 8-12 aprel kunlari “Toshkent xalqaro aeroporti”, “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy” va “Farg‘ona” chegara bojxona postlarida bo‘lishadi hamda radiatsion portal monitorlarni o‘rnatish jarayonlariga baho berishadi.