Valyuta kurslari 05/11/2024
$1 – 12790.12
UZS – -0,04%
€1 – 13936.11
UZS – 0,3%
₽1 – 130.03
UZS – -1,21%
Qidirish
Iqtisod 05/11/2024 O‘zbekiston va AQSH JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston va AQSH JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilish masalasi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

«14 oy davom etgan faol muzokaralardan so‘ng, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlaganimizdan mamnunman. Bu bizning JSTga qo‘shilish yo‘lidagi 21-mamlakat bo‘ldi», — deya ta’kidladi Urunov.

U bu jarayon oson emasligini, ammo qiziqarli va qimmatli tajriba bo‘lganini, mazmunli muzokaralar o‘tkazishga imkon berganini qo‘shimcha qildi.

Oktyabr oyining oxirida O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi muzokarachilari jamoasi bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

«Ilgari o‘tkazilgan muhokamalarimizni davom ettirgan holda, ikki kunlik muzokaralar davomida bozorlarga kirish (MA) bo‘yicha sezilarli darajada ilgariladik. Xizmatlar bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi, tovarlar bo‘yicha esa kichik masalalar qoldi va ularni yil oxirigacha hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik», — deya ma’lum qildi Urunov.

Jahon banki baholashiga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi uning iqtisodiyotiga 5-7-yil ichida 17% qo‘shimcha o‘sishni ta’minlaydi.

Avvalroq, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlik konferensiyasigacha qo‘shilishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling