O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston sanoat va savdo vazirligining vaqtincha vazifasini bajaruvchi Alhaj Nuriddin Aziziy O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibida davlat amaldorlari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi majburiyatlarni muvofiqlashtirish, savdoni rivojlantirish va O‘zbekiston xususiy sektori dasturlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vazirni Afg‘onistonning Tog‘-kon va neft vazirligi bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijalari va ikki mamlakat xususiy sektorlari o‘rtasidagi savdo muzokaralari holati bilan tanishtirdi. Shuningdek, savdo muvozanatini ta’minlash, jumladan, Afg‘onistondan ko‘mir import qilish masalalarida qiziqish bildirildi.
Vazir vazifasini bajaruvchi har ikki mamlakat milliy mahsulotlarining xalqaro savdo markazi — Termizda yiliga 5 marta ko‘rgazma o‘tkazishni taklif qildi. Bu xususiy sektor dasturlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Uchrashuvda imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni yakunlash va Samangondagi sement zavodi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, shuningdek, har ikki mamlakatda savdo uylarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripovning Afg‘onistonga qilgan tashrifi chog‘ida qabul qilingan majburiyatlarni amalga oshirish maqsadida Kobulga tashrif buyurdi. Shuningdek, Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Mavlaviy Ahmadullo Zohid bilan savdo uchrashuvlari o‘tkazildi. Ularning natijasida ikki mamlakat xususiy sektori o‘rtasida 4,5 million AQSH dollari miqdorida biznes kelishuvlari imzolandi.