Valyuta kurslari 30/04/2025
$1 – 12933.16
UZS – -0,12%
€1 – 14719.23
UZS – 0,16%
₽1 – 158.28
UZS – 0,86%
Qidirish
Iqtisod 20/03/2025 O‘zbekiston va Action Group Holdings DXSh bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va Action Group Holdings DXSh bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov joriy yilning 19-mart kuni Kuvaytning “Action Group Holdings” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda xorijiy tomondan kompaniyaning Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Abdulla Muhammad Al-Sabah boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

“Action Group Holdings” kompaniyasi 1998-yilda Kuvaytning Al-Kuvayt shahrida tashkil etilgan bo‘lib, investitsiyalar, ko‘chmas mulk, neft, axborot texnologiyalari, logistika, qurilish, ta’lim, konsalting va savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

Muzokaralar davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini rivojlantirish va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Uchrashuv davomida “Action Group Holdings” vakillari bilan energetika, ko‘chmas mulk va ijtimoiy infratuzilma sohalarida loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

“Action Group Holdings” vakillari O‘zbekistondagi mavjud investitsiya muhitini yuqori baholab, mamlakatning jadal rivojlanayotgan infratuzilmasi va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorligiga e’tibor qaratdi. 

Kuvayt delegatsiyasi vakillari, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni, jumladan, past daromadli aholiga mo‘ljallangan uy-joy qurilishi va muqobil energetika yo‘nalishlaridagi investitsiya loyihalarini ham ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazish va maslahatlashuvlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling