“O‘zbekiston – Ummon” turizm forumi: Ipak yo‘li durdonasining yangi imkoniyatlari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 6-iyul kuni Turizm qo‘mitasi tomonidan Ummon Sultonligida “O‘zbekiston – Ummon” turizm forumi o‘tkazildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizning xalqaro turizm maydonidagi imidjini mustahkamlash, arab dunyosidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va turizm yopnalishida investitsiya salohiyatini keng namoyish etish maqsadida amalga oshirildi.
Forumda ikki mamlakatning turizm sohasidagi mas’ul idoralari, yirik sayyohlik kompaniyalari va mehmonxona tarmoqlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida tomonlar o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga etibor qaratdilar.
Shuningdek, forum doirasida “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, dunyoga mashhur madaniy obidalari, milliy hunarmandchiligi va gastronomik an’analari o‘z aksini topdi. Mehmonlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning noyob sayyohlik manzaralari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirning amaliy qismi sifatida “B2B” va “G2B” formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Unda o‘zbek va ummonlik turizm kompaniyalari va davlat idoralari vakillari o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, xizmatlar almashinuvi, turpaketlar ishlab chiqish va birgalikda marketing strategiyalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordilar. Bu esa ikki davlat o‘rtasida barqaror va samarali turistik aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur tadbirlar orqali O‘zbekiston nafaqat Ummon, balki butun arab dunyosida o‘zining betakror sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi mavqeini mustahkamlab, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini yana bir bor namoyon etdi.