Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 10/12/2024 O‘zbekiston — Ummon: ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekiston — Ummon: ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tariladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 6-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi U.Shermatov Ummon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafo bint Jobir Bin Nosir al-Busaidiy bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ta’kidlandiki, ikki davlat rahbariyati olib borayotgan ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat natijasida mamlakatlar o‘rtasida qisqa vaqt ichida mustahkam hamkorlik o‘rnatildi.

Davlatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham samarali aloqalarni o‘rnatdi.

O‘zbekiston va Ummon Sultonligining xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekanini, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an’analar mazkur hamkorlikning asosini tashkil etishi alohida qayd etildi.

Ummon Sultonligining elchisi O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilayotganligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov demokratik tamoyil va xalqaro normalarga muvofiq ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilganligini ta’kidladi.

Saylovlarda ko‘plab mamlakatlarning vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etgani, bu Ummon tomonidan ijobiy tajriba sifatida e’tirof etilganini bildirdi.

Mehmon o‘z so‘zida davlatimiz rahbarining siyosati natijasida mamlakatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, parlament vakillari orasida ayollar sonining oshishi ushbu ishlarning bevosita natijasi bo‘lganiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik samarali olib borilayotgani, ushbu hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha davlatlarda barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Ayniqsa, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, uni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling