O‘zbekiston TIV Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlari fonida AQSHdagi hamyurtlarini qonunlarga rioya qilishga chaqirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Los-Anjeles shahrida immigratsiya reydlari bilan bog‘liq ommaviy norozilik namoyishlari yuzasidan yuzaga kelgan vaziyatga izoh berdi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston fuqarolarining norozilik aksiyalarida ishtirok etgani haqida maʼlumot kelib tushmagan.
Shu bilan birga, TIV AQSH hududida bo‘lib turgan hamyurtlarimizga mahalliy qonunchilikka qatʼiy rioya etishni, shuningdek, jamoat tartibiga tahdid soluvchi va xavfsizlik uchun xavf tug‘diruvchi ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslikni qatʼiy tavsiya etadi.
Favqulodda holatlar yuz bergan taqdirda, O‘zbekiston fuqarolari Vashingtondagi elchixona yoki Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonaga yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Los-Anjelesda namoyishlar 6 iyun kuni boshlandi — sabab AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan noqonuniy migrantlarni ushlash va deportatsiya qilish bo‘yicha Oq uy maʼmuriyati ko‘rsatmasiga muvofiq amalga oshirilayotgan harakatlardan aholi norozi bo‘lgani hisoblanadi.
Ertasi kuni, 7 iyunda, AQSH prezidenti Donald Tramp norozilik chiqishlarini bartaraf etish uchun 2000 nafar Milliy gvardiya askarini jalb etish to‘g‘risida farmon imzoladi.