Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
O‘zbekiston 21/08/2025 O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Mozori-Sharifdagi Alisher Navoiy haykali buzilishiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Mozori-Sharifdagi Alisher Navoiy haykali buzilishiga munosabat bildirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahridagi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali atrofidagi vaziyat yuzasidan ommaviy axborot vositalaridagi murojaatlar munosabati bilan bayonot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, oʻzbek tomoni yodgorlik demontaj qilinishi haqidagi maʼlumotni olgandan soʻng darhol Afgʻoniston hukumatiga rasmiy tushuntirish olish uchun murojaat qilgan.

“Olingan maʼlumotlarga koʻra, yodgorlik oʻrnatilgan joy ulugʻ mutafakkir xotirasini abadiylashtirishga yetarli darajada munosib emasligi sababli mahalliy hokimliklar tomonidan demontaj qilingan, shoir va faylasuf uchun bundan-da ulugʻvor majmua barpo etilishi taʼkidlangan”, — dedi Ahror Burxonov.

Shu bilan birga, Afg‘oniston tomoni ta’kidlaganidek, buzib tashlash qarori Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi bilan ham, keng jamoatchilik bilan ham kelishib olinmagan. Rasmiylar voqeadan afsusda ekanini bildirdi.

Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki butun afg‘on xalqi uchun hurmatli shaxs bo‘lgan Alisher Navoiyning xotirasi munosib abadiylashtirilishiga ishontirdi. Xususan, hududni obodonlashtirish, uning hayoti va ijodiy merosiga oid axborot belgilarini tiklash, yangi yodgorlik barpo etish rejalashtirilgan. U o‘rnatiladigan maydonga buyuk shoir nomi beriladi.

Afg‘oniston tomoni Alisher Navoiy xotirasini asrab-avaylash tarafdori ekanini tasdiqladi va uning nomini munosib abadiylashtirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini ta’kidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling